"Фан Ва Тараққиёт" ДМ

2025-yil 2-dekabr kuni “Fan va taraqqiyot” davlat muassasasi direktori Abed N. S. va direktor o‘rinbosari Bozorboyev Sh. A. Belarus Respublikasi Milliy fanlar akademiyasiga tashrif buyurdi.

2025-yil 2-dekabr kuni “Fan va taraqqiyot” davlat muassasasi direktori Abed N. S. va direktor o‘rinbosari Bozorboyev Sh. A. Belarus Respublikasi Milliy fanlar akademiyasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Belarus Milliy fanlar akademiyasining Aerokosmik faoliyat boshqarmasi boshlig‘i Pyotr Vityaz hamda Xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Tatyana Prannik bilan muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar chog‘ida Belarus Milliy fanlar akademiyasi tashkilotlari bilan “Fan va taraqqiyot” davlat muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Belarus Milliy fanlar akademiyasiga tashrif doirasida “Fan va taraqqiyot” davlat muassasasi delegatsiyasi direktor Nodira Abed boshchiligida 2025-yil 2-dekabr kuni Belarus Milliy fanlar akademiyasi Universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Ushbu bitim O‘zbekiston ilmiy muassasalari va oliy ta’lim muassasalaridan bo‘lgan olimlar hamda o‘qituvchilarning Belarus Milliy fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarida stajirovkalarini tashkil etish amaliyotini kengaytirishni nazarda tutadi.

   

2025-yil 3-dekabr kuni delegatsiya Belarus Milliy fanlar akademiyasining Yangi materiallar kimyosi instituti, shuningdek “Materialshunoslik bo‘yicha Belarus Milliy fanlar akademiyasining ilmiy-amaliy markazi” davlat ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida tashkilotlar rahbariyati va yetakchi mutaxassislari bilan ishchi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar yangi materiallar sohasidagi rivojlanishning dolzarb yo‘nalishlarini muhokama qildilar, tajriba almashdilar va istiqbolli ilmiy loyihalarni taqdim etdilar.

Muzokaralar yakunida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar imzolandi, qo‘shma faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi hamda institutlar o‘rtasidagi keyingi hamkorlik bosqichlari rejalashtirildi. Ayniqsa, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy ishlanmalar almashinuvi va qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

2025-yil 4-dekabr kuni Abed N. S. va Bozorboyev Sh. A. kimyoviy texnologiyalar va neft-gazni qayta ishlash bo‘yicha VIII Xalqaro ilmiy-texnik forumning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar.

Abed N. S. Belarus davlat texnologiya universitetining 95 yilligi munosabati bilan tabrik nutqi bilan chiqish qildi.

Forum davomida “Fan va taraqqiyot” davlat muassasasi delegatsiyasi ilmiy markazlar, universitetlar va sanoat korxonalari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Yangi materiallar sintezi, polimerlarni qayta ishlash texnologiyalarini takomillashtirish, zamonaviy katalizatorlarni joriy etish, shuningdek xalqaro ilmiy tadqiqot dasturlarida ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdilar, qo‘shma tadqiqotlar va mutaxassislar almashinuvi yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. 2026-yilda qo‘shma ilmiy loyihalarni tayyorlash va ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

2025-yil 4–5-dekabr kunlari delegatsiya Belarus davlat texnologiya universitetining kompozitsion polimer materiallari kafedrasiga tashrif buyurdi. Uchrashuvlar davomida ushbu sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari belgilandi. Shuningdek, kompozitsion materiallarni olish va qo‘llash sohasidagi yangi texnologiyalar yuzasidan tajriba almashildi va muhokamalar olib borildi.