"Фан Ва Тараққиёт" ДМ

2025-yil 19–26-oktabr kunlari “Fan va taraqqiyot” davlat muassasasi vakillari – akademik Negmatov S.S. va professor Abed N.S. – Xitoy Xalq Respublikasi Inson resurslari va ijtimoiy ta’minot vazirligi homiyligida Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan 23-Xalqaro Iqtidorlar Almashinuvi Forumi (The 23rd China International Talent Exchange Forum) da ishtirok etdilar.

Xitoyda o‘tkaziladigan Xalqaro Iqtidorlar Almashinuvi Forumi bilim va tajriba almashinuvi, shuningdek, kasbiy aloqalarni rivojlantirish uchun milliy va xalqaro platforma hisoblanadi.

Xitoy rasm1

2025-yilda ushbu tadbirda 30 ta mamlakatdan 3500 dan ortiq xorijiy ekspertlar, jumladan Buyuk Britaniya, AQSh, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston, Pokiston, Germaniya, Qozog‘iston, Yaponiya va Avstraliyadan vakillar, shuningdek, 500 ga yaqin Xitoy universitetlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va korxonalari qatnashdilar. Umumiy ishtirokchilar soni 6500 nafardan oshdi.

umumiy

Forum doirasida xalqaro ilmiy, texnologik va ta’limiy hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan yalpi majlislar, mavzuli sessiyalar va muhokama panellari o‘tkazildi. Ishtirokchilar innovatsion yo‘nalishlarning rivojlanish istiqbollari haqida fikr almashdilar va Xitoyning yetakchi ilmiy hamda ta’lim muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatdilar.

Forum doirasida delegatsiya Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik konferensiyasida ham ishtirok etdi. Mazkur anjuman Sanya shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida bir qator o‘zaro anglashuv va ilmiy hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi.

xitoy shartnoma

Jumladan, “Fan va taraqqiyot” davlat muassasasi Xarbin muhandislik universiteti huzuridagi Yadro fanlari va texnologiyalari kolleji bilan hamkorlik memorandumi imzoladi. Bu esa qo‘shma ilmiy-ta’limiy loyihalar va akademik almashinuvni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Forum va konferensiyada ishtirok etish delegatsiyaga ilg‘or ilmiy tadqiqotlar, innovatsion texnologiyalar bilan yaqindan tanishish hamda Xitoy va boshqa mamlakatlarning universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash imkonini berdi.

Delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasi Inson resurslari va ijtimoiy ta’minot vazirligiga, shuningdek, forum tashkilotchilari, universitetlarning hurmatli dekanlari va professorlariga taklif hamda tadbirni yuqori darajada tashkil etganliklari uchun chin dildan minnatdorlik bildiradi. Ayniqsa, Nobel mukofoti sovrindorlari, vazirlar, shahar hokimlari va yetakchi olimlar bilan muloqot qilish imkoniyati katta tajriba va xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.

“Fan va taraqqiyot” davlat muassasasi vakillarining Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safarlari muvaffaqiyatli yakunlandi va u xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda yangi kelishuvlarni imzolashda muhim natijalar berdi.